
O‘zbekistonliklar Buyuk Britaniyaga ishga boradilar
Londonda O‘zbekistonning qariyb 3 ming fuqarosini Buyuk Britaniya qishloq xo‘jaligi sohasiga ishga joylashtirish to‘g‘risida kelishuv imzolandi. Buyuk Britaniyaning “Pro-Force Limited” va “HOPS Labour Solutions Ltd” rekruting agentliklari bilan muzokaralarni O‘zbekiston elchixonasi uyushtirdi.
Kelishuvlarga ko‘ra, “Pro-Force Limited” kompaniyasi fevral oyida Toshkentga tashrif buyurib, nomzodlarni yakuniy tanlovdan o‘tkazish va ularni ishga joylashtirishni boshlashni rejalashtirmoqda. Bu jarayon bosqichma-bosqich amalga oshiriladi, bu esa 3 ming nafar o‘zbekistonlik mutaxassisning ishini samarali tashkil etish imkonini beradi.
“HOPS Labour Solutions Ltd” agentligi ham jarayonga qo‘shilib, o‘zbekistonlik mehnat muhojirlari uchun onlayn test sinovlarini o‘tkazishga rozi bo‘ldi. Sinovlar 14 va 15 yanvar kunlari Migratsiya agentligi bilan hamkorlikda o‘tkaziladi.