
Parlamentda madaniy dam olish joylarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida bog‘lar, xiyobonlar va boshqa dam olish maskanlarini muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.
“Adolat” SDP va Ekologik partiya fraksiyalari a’zolari tomonidan tayyorlangan qonun loyihasi daraxtlarning kesilishi, atrof-muhitning ifloslanishi va yashil hududlarning asossiz ravishda qisqartirilishining oldini olishga yo‘naltirilgan. So‘nggi yillarda jamoat dam olish joylari uchun mo‘ljallangan hududlarda qurilishlar olib borilayotgani aholining noroziligiga sabab bo‘lmoqda. Ko‘pincha bunday maydonlar jamoat foydalanishidan olib qo‘yilishi natijasida ularning maydoni qisqarib, ekologik vaziyat yomonlashmoqda.
Hujjatda bog‘lar, xiyobonlar va bulvarlarni, shuningdek, ular joylashgan yerlarni begonalashtirishni taqiqlash ko‘zda tutilgan. Ularning hududida yengil inshootlardan tashqari qurilishlar olib borish va mavjud binolarning qurilish maydonlarini kengaytirish man etiladi. Bundan tashqari, qonun loyihasi bilan ushbu sohadagi huquqbuzarliklar uchun jinoiy javobgarlik kuchaytirilmoqda.
Muhofaza qilinadigan tabiiy hududlar ro‘yxatiga kiritish taklif etilayotgan botanika bog‘lariga alohida e’tibor qaratilgan. Ularning yerlari va imoratlari ham xususiylashtirish va qurilishni istisno qiladigan tarzda himoya ostiga olinadi.
Muhokamalar davomida deputatlar ushbu hujjatning madaniy obyektlarni asrab-avaylash, ekologiyani yaxshilash va ularni muhofaza qilish bo‘yicha mas’uliyatni oshirish uchun zarurligini ta’kidladilar. Qonun loyihasi ko‘pchilik ovoz bilan ma’qullandi va birinchi o‘qishda qabul qilindi.