Toshkent 150-yubiley Parlamentlararo ittifoq assambleyasiga mezbonlik qiladi
23 март

Toshkent 150-yubiley Parlamentlararo ittifoq assambleyasiga mezbonlik qiladi

2025-yil 5-9-aprel kunlari Toshkentda Markaziy Osiyo tarixida ilk bor Parlamentlararo ittifoqning (PII) 150-yubiley assambleyasi bo‘lib o‘tadi. Tadbirda 181 mamlakatdan taxminan 2000 nafar delegat, 15 kuzatuvchi davlat hamda 25 dan ortiq xalqaro va parlamentlararo tashkilot vakillari ishtirok etishi kutilmoqda. Assambleyani O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ochib beradi.

Assambleyaning asosiy mavzusi — “Ijtimoiy taraqqiyot va adolat yo‘lida parlament harakati”. Unda qashshoqlikni qisqartirish, munosib mehnat sharoitlarini yaratish, ijtimoiy inklyuziyani qo‘llab-quvvatlash hamda zaif aholi qatlamlarining qaror qabul qilish jarayonida ishtirokini oshirish masalalari muhokama qilinadi.

Tadbir doirasida PII ning barcha organlari, jumladan to‘rtta doimiy mavzuli qo‘mita, Yosh parlamentariylar forumi, Parlament a’zolarining inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi, Yaqin Sharq masalalari bo‘yicha qo‘mita hamda Ukrainadagi urushni tinch yo‘l bilan hal etishga bag‘ishlangan maqsadli guruh yig‘ilishlari o‘tkaziladi. Shuningdek, PII Ayol deputatlar forumi o‘zining 40 yilligini nishonlaydi.

Deputatlar Falastinda “ikki davlat” tamoyili asosidagi yechimni ilgari surish va mojarolarning barqaror rivojlanishga ta’sirini yumshatish bo‘yicha rezolyutsiyalarni qabul qiladi.

Parlamentlararo ittifoq (PII) — 1889-yilda tashkil etilgan milliy parlamentlarning jahon miqyosidagi tashkilotidir. Bugungi kunda u 181 milliy parlament va 15 ta mintaqaviy parlament tuzilmasini birlashtiradi. Yaqinlashib kelayotgan assambleyada Beliz ushbu tashkilotning yangi a’zosi bo‘lishi kutilmoqda.

Toshkentda yubiley assambleyasini o‘tkazish to‘g‘risidagi kelishuv 2024-yilda Jenevada O‘zbekiston Senati raisi Tanzila Narbayeva va PII bosh kotibi Martin Chungong tomonidan imzolangan edi.