
O‘zbekiston Prezidenti BAA Prezidenti bilan telefon orqali suhbatlashdi
11-mart kuni bo‘lib o‘tgan telefon suhbati davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Birlashgan Arab Amirliklari Prezidenti Shayx Muhammad bin Zoid Al Nahayonni tug‘ilgan kuni bilan samimiy tabrikladi.
Davlatimiz rahbari BAA Prezidentiga mustahkam sog‘liq va farovonlik, davlat faoliyatida katta yutuqlar, do‘st Amirliklar xalqiga tinchlik va ravnaq tiladi. Ikki mamlakat rahbarlari, shuningdek, butun musulmon ummasi uchun muqaddas bo‘lgan Ramazon oyi munosabati bilan bir-birlarini samimiy tabriklashdi.
Ayniqsa, O‘zbekiston Prezidentining shu yil yanvar oyida BAAga tashrifi ikki tomonlama munosabatlar tarixida yangi sahifa ochgani va ularni strategik sheriklik darajasiga ko‘targani ta’kidlandi. Erishilgan kelishuvlarni to‘liq amalga oshirish uchun alohida «yo‘l xaritasi» qabul qilingan.
Rahbarlar o‘zbek-amirlik ko‘p qirrali hamkorligining, avvalo savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida jadal rivojlanayotganidan chuqur mamnuniyat bildirdilar. Tovar ayirboshlash va investitsiyalar hajmi, shuningdek, qo‘shma korxonalar soni izchil o‘sib bormoqda.
20 milliard dollarlik joriy loyihalar portfeli doirasida Amirliklarning yetakchi kompaniyalari bilan «yashil» energetika, raqamlashtirish, sun’iy intellekt, shahar qurilishi va infratuzilma, turizm, xususiy biznes kabi muhim yo‘nalishlarda faol hamkorlik olib borilmoqda.
Shuningdek, Samarqand shahrida «Markaziy Osiyo — Fors ko‘rfazi arab davlatlari hamkorlik kengashi» muloqotining ikkinchi sammitini o‘tkazish masalalari ko‘rib chiqildi.