O‘zbekistonda 2024-yilda inflyatsiya: narxlar 9,8 foizga ko‘tarildi
O‘zbekistonda 2024-yildagi inflyatsiya darajasi 9,8 foizni tashkil etib, Markaziy bankning prognozidan (8-9 foiz) yuqori bo‘ldi. Bu haqda Prezident huzuridagi Statistika agentligi ma’lum qildi.
Ushbu ko‘rsatkich 2023 yildagi inflyatsiyadan (8,77%) yuqori, biroq 2022 yil (12,25%) va 2021 yil (9,98%) darajalaridan past bo‘ldi. Dekabr oyida narxlar 1,04 foizga oshdi, bu so‘nggi besh yildagi eng past oylik ko‘rsatkich hisoblanadi.
Dekabr oyida oziq-ovqat mahsulotlari narxi 1,8 foizga, yillik hisobda esa 2,4 foizga oshdi. Mahsulotlar orasida eng ko‘p qimmatlashgan mahsulotlar kartoshka (+39,9%), sabzi (+18,3%) va o‘simlik yog‘lari (+14,8%) bo‘ldi. Dekabr oyida bodring (+52,7%), qalampir (+46,5%) va baqlajon (+27,7%) narxlari keskin oshdi.
Shu bilan birga, yil davomida ayrim mahsulotlar arzonlashdi: grechka (-9,6%), guruch (-6,3%) va shakar (-3,7%).
2024-yilda gaz tariflari 2,3 barobar, elektr energiyasi tariflari 1,7 barobar oshdi, chiqindilarni olib chiqish xizmati esa 54,7 foizga qimmatlashdi. Propan narxi 30,9 foizga, benzin narxi esa 5,9 foizga ko‘tarildi.
Davlat bolalar bog‘chalari xizmatlari 20 foizga, davlat oliy o‘quv yurtlarida o‘qish 15,1 foizga qimmatlashdi. Tibbiy xizmatlar narxi 26,2 foizga oshdi, jumladan antibiotiklar (+28,5%) va laboratoriya tekshiruvlari (+14,5%) narxlari ham ko‘tarildi.
Shahar atrofi poyezdlarida yo‘l haqi 40,1 foizga, taksida esa 12,2 foizga qimmatlashdi.
Qahvaxona va restoranlarda narxlar 12,3 foizga, mehmonxonalarda 18,9 foizga, dam olish markazlarida esa 16,5 foizga oshdi.