O‘zbekiston Prezidenti davlat sirlari to‘g‘risidagi yangi qonunni imzoladi
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 29-martdan kuchga kiradigan va 1993-yildan buyon amalda bo‘lgan avvalgi qonunni almashtiruvchi "Davlat sirlari to‘g‘risida"gi qonunni imzoladi. Yangi hujjat davlat siri toifalarini, turli organlarning vakolatlarini, maxfiylik darajasini, ma’lumotlarni maxfiylashtirish muddatlarini aniqlashtiradi hamda maxfiylashtirilishi mumkin bo‘lmagan ma’lumotlar ro‘yxatini belgilaydi.
Qonunning avvalgi tahririda davlat sirlarini himoya qilish bo‘yicha vakolatlarning taqsimlanishi, ma’lumotlarni maxfiylashtirish va oshkor qilish tartibi, shuningdek, maxfiy ma’lumotlar bilan ishlash tartibi kabi jihatlar qamrab olinmagan edi. Bu huquqiy asoslarning turlicha talqin qilinishiga va fuqarolar, chet el fuqarolari hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar uchun shaffoflikning yo‘qligiga olib kelgan.
Yangi tahrirdagi qonunda davlat sirlari sohasidagi yagona davlat siyosati prezident zimmasiga yuklatilgan, uni amalga oshirish bo‘yicha vakolatlar esa Vazirlar Mahkamasi, Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va boshqa tashkilotlar uchun batafsil belgilangan. Xususan, Vazirlar Mahkamasi davlat sirlari bo‘yicha hujjatlarni ishlab chiqish, maxfiy axborotni himoya qilish bo‘yicha xalqaro shartnomalar tuzish, shuningdek, ularni xorijiy mamlakatlarga topshirish tartibini belgilash uchun mas’ul bo‘ladi.
Maxfiylashtiriladigan axborotning to‘rtta asosiy toifasi aniqlangan: harbiy soha, tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy munosabatlar, razvedka va kontrrazvedka, shuningdek, iqtisodiy, ta’lim, ilmiy va texnik sohalardagi ma’lumotlar. Masalan, harbiy sirga strategik rejalar, qurolli kuchlarning tuzilishi, qurollanish texnologiyalari haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, kosmik infratuzilma va boshqa muhim obyektlar haqidagi ma’lumotlar kiradi.
Tashqi siyosat sohasida tashqi siyosat strategiyasi va taktikasini, xalqaro bitimlarning tayyorlanishi va mazmunini, shuningdek harbiy texnika eksporti va importi hajmlarini ochib beruvchi ma’lumotlar maxfiylashtirilishi lozim. Iqtisodiyot, ta’lim va ilm-fanda strategik resurslar, eng yangi ilmiy yutuqlar, iqtisodiyotning safarbarlik imkoniyatlari va aholini ommaviy qirg‘in qurollaridan himoya qilish choralari to‘g‘risidagi ma’lumotlar sirlarga kiritilgan.
Yangi qonun, shuningdek, rejim-maxfiy organlarni tashkil etish va tugatish, davlat siriga ruxsat olish va bu sohada boshqa mamlakatlar bilan hamkorlik qilish tartibini ham tartibga soladi. DXX tashkilotlarga davlat sirlari bilan ishlashga ruxsatnomalar beradigan, mutaxassislarni o‘qitadigan va maxfiylik rejimiga rioya etilishini nazorat qiladigan maxsus vakolatli organ bo‘lib qolmoqda.