
O‘zbekistonda oilaning kambag‘alligi tufayli bolalarni bolalar uylariga joylashtirish amaliyoti bekor qilinmoqda
Prezident Shavkat Mirziyoyev 5-noyabr kuni ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha takliflar bilan tanishib, bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
“Kambag‘allikdan farovonlikka” dasturi doirasida qabul qilingan hujjat ijtimoiy yetimlikning oldini olish va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar uchun sharoitlarni yaxshilashga qaratilgan. Endi asosiy e’tibor oilaviy muhitni saqlashga qaratilib, vasiylik, homiylik yoki farzandlikka olishga ustuvorlik beriladi, bolalar uyiga joylashtirish esa so‘nggi chora sifatida ko‘rib chiqiladi.
Bundan tashqari, oilaning kambag‘alligi sababli bolalarni mehribonlik uylari va bolalar uylariga joylashtirish amaliyoti ham bekor qilinadi. Kam ta’minlangan oilalarning ishga joylashgan ota-onalari bola uch yoshga to‘lgunga qadar bolalar bog‘chasiga to‘lov uchun Ijtimoiy himoya jamg‘armasidan kompensatsiya olishlari mumkin bo‘ladi.
Bolalar uylarida farzandidan voz kechishni rejalashtirgan ayollar uchun maxsus bo‘limlar tashkil etiladi. Bu ayollarga ijtimoiy, huquqiy va psixologik yordam ko‘rsatiladi, shuningdek, onalik ko‘nikmalari o‘rgatiladi va kasb-hunar egallashda ko‘maklashiladi.
Og‘ir hayotiy vaziyatga tushib qolgan bolalar tarbiyaga berilgunga qadar “Inson” markazlaridagi oilaviy bolalar uylariga vaqtincha joylashtiriladi. Har bir bola uchun individual rivojlanish rejasi ishlab chiqiladi. “Inson” markazlari tarbiyaga berilgan bolalarning yashash sharoitlarini kuzatib boradi hamda ularning huquq va manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydi.
Bundan tashqari, oilaviy bolalar uyini tashkil etgan fuqarolar o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar sifatida ro‘yxatga olinadi. Ularga bolalar o‘rta ta’limni tugatgunga qadar yashash va parvarish qilish xarajatlari qoplab beriladi.