
Yana bir muhlat: noqonuniy muhojirlarga 2025-yilning kuzigacha vaqt berildi
Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiya Federatsiyasi hududida noqonuniy bo‘lib turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar o‘z huquqiy maqomini tartibga solishi yoki mamlakatni tark etishi kerak bo‘lgan muddatni 2025-yil 10-sentyabrgacha uzaytirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Tegishli hujjat huquqiy hujjatlar portalida e’lon qilindi.
Avvalroq Qirg‘iziston Tashqi ishlar vazirligi respublika elchisining Rossiya prezidenti ma’muriyati vakili bilan uchrashuvidan so‘ng muddat uzaytirilgani haqida xabar bergan edi. Migrantlar o‘z ahvolini 2025-yil 30-aprelgacha tartibga solishi shart bo‘lgan avvalgi farmon 2024-yil dekabr oyida migratsiya siyosatini qat’iylashtirish doirasida imzolangan edi.
Eslatib o‘tamiz, 2025-yil 5-fevraldan boshlab Rossiyada noqonuniy migrantlarni chiqarib yuborishning maxsus rejimi amal qilmoqda, u bunday shaxslarni "nazorat ostidagi shaxslar reyestri"ga kiritishni, keyinchalik deportatsiya yoki ixtiyoriy chiqish paytigacha huquq va erkinliklarni cheklashni nazarda tutadi.
Rossiya IIV ma’lumotlariga ko‘ra, mart oyida ro‘yxatda 685 ming xorijlik bo‘lgan, ularning katta qismini ayollar va bolalar tashkil qiladi.