
O‘zbekistonda “Qoradori” operatsiyasi davom etmoqda
Toshkent viloyatida psixoaktiv moddalarni ishlab chiqarish va tarqatish bo‘yicha yashirin laboratoriya yo‘q qilindi. Maxsus operatsiya davomida qiymati 1 milliard so‘mlik 35 ming dona kapsuladagi giyohvand moddalar olib qo‘yildi.
Tergov natijasida 1988-yilda tug‘ilgan erkak taqiqlangan moddalarni internet orqali xarid qilgani aniqlandi. Uning kvartirasida o‘tkazilgan tintuvda 100 ming dona bo‘sh kapsula va 6 kg xomashyo topildi. Ma’lum bo‘lishicha, u narkoguruhda qadoqlovchi bo‘lib ishlagan, yirik partiyalarni kuryerlarga yetkazib bergan va har bir bitim uchun 1000 dollar olgan.
Bundan tashqari, Zangiota tumanida Sirdaryo viloyati prokurori katta yordamchisi 50 dona kuchli ta’sir qiluvchi “Zardeks” giyohvandlik vositasi bilan qo‘lga olindi. Uning ta’minotchisi Samarqand viloyati Bulung‘ur tumanida 1997-yilda tug‘ilgan fuqaro ekanligi aniqlandi. U Toshkentda Qirg‘izistondan noqonuniy olib kelingan 300 dona “Zardeks” dori vositasini sotishga urinayotganda ushlandi.