O‘zbekiston Senati Raisi Parlamentlararo ittifoq rahbarlari bilan uchrashdi
19 ноябрь

O‘zbekiston Senati Raisi Parlamentlararo ittifoq rahbarlari bilan uchrashdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Boku shahrida o‘tkazilayotgan BMTning Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha konferensiyasi (COP29) doirasida xalqaro tashkilotlar va parlamentlar rahbarlari bilan bir qator uchrashuvlar o‘tkazdi.

Parlamentlararo ittifoq raisi Tuliya Ekson va ushbu tashkilotning bosh kotibi Martin Chungong bilan suhbat chog‘ida O‘zbekistonning ittifoq bilan hamkorligining asosiy masalalari muhokama etildi. 2025-yilda Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasiga tayyorgarlik ko‘rish, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlarning o‘rni va bu yo‘nalishdagi parlament nazoratini kuchaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Narbayeva, shuningdek, Ozarbayjon Milliy Majlisi raisi Sohiba G‘aforova bilan ham uchrashdi. Tomonlar ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash istiqbollarini muhokama qilib, ekologiya va iqlim o‘zgarishi masalalariga e’tibor qaratdilar.

Uchrashuvlar davomida kambag‘allikni qisqartirish, samarali ijtimoiy himoya tizimini yaratish va kreativ iqtisodiyotni rivojlantirishda parlamentning roli kabi keng ko‘lamli mavzular ham ko‘tarildi.

Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun