
O‘zbekistonda bola tug‘ilganda otalarga haq to‘lanadigan ta’til taklif etildi
O‘zbekistonda bola tug‘ilganda erkaklarga besh kunlik haq to‘lanadigan ta’til joriy etilishi mumkin. Mazkur tashabbus otalarning turmush o‘rtog‘ini tug‘ruqxonadan kutib olishlari, yangi tug‘ilgan chaqaloqqa yordam berishlari va oilaviy byudjet haqida tashvishlanmasdan muhim oilaviy ishlar bilan shug‘ullanishlari uchun mo‘ljallangan.
Hozirda faqat ayollar uchun homiladorlik va tug‘ish ta’tilini nazarda tutuvchi Mehnat kodeksining 404-moddasiga o‘zgartishlar kiritish rejalashtirilmoqda. Taklif etilayotgan o‘zgarishlarga ko‘ra, otalar bola tug‘ilgandan so‘ng 30 kun ichida besh kunlik ta’tildan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Nodir Tilavoldiyev ta’kidlashicha, tashabbusni ishlab chiqishda jahon tajribasi o‘rganilgan bo‘lib, bunday ta’tillar keng qo‘llaniladi va besh kundan yetti kungacha davom etadi.
Ushbu choraning joriy etilishi gender tenglik va oilani qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan islohotlarning davomi hisoblanadi. Hozirgi kunda erkaklar bola tug‘ilgandan keyingi dastlabki kunlarda oilaga yordam berish uchun o‘z hisobidan ta’til olishga majbur bo‘lmoqdalar.
Bundan tashqari, Mehnat kodeksining 405-moddasiga muvofiq, erkaklar ikki yoshgacha bo‘lgan bolani parvarishlash uchun ta’til olish huquqiga ega. Bunday ta’tilni amalda bolaga g‘amxo‘rlik qilayotgan boshqa qarindoshlar ham olishlari mumkin. Ushbu ta’til davomida nafaqa to‘lanadi. Shuningdek, otalar uch yoshgacha bo‘lgan bolani parvarishlash uchun qo‘shimcha ta’til olishlari, to‘liqsiz ish kuni yoki nafaqa olish huquqini saqlab qolgan holda masofadan turib ishlashlari mumkin.