Italiyaning Turin shahri meri O‘zbekistonga tashrif buyurdi
27 январь

Italiyaning Turin shahri meri O‘zbekistonga tashrif buyurdi

26-29 yanvar kunlari Italiyaning Turin shahri meri Stefano Lo Russo ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadida O‘zbekistonga kelgan delegatsiyaga boshchilik qildi. Tashrif O‘zbekiston elchisi Abat Fayzullayev va Turin meri o‘rtasidagi dastlabki onlayn muzokaralar natijasida amalga oshdi. Ushbu muzokaralarda Italiya tomoni bo‘lajak uchrashuvlardan katta umidlar bildirgandi.

Biz O‘zbekistondagi keng ko‘lamli islohotlar va ularning e’tiborga loyiq natijalari haqida xabardormiz. Ishonchim komilki, bu tashrif Turin va Toshkent o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun ko‘plab imkoniyatlarni ochadi,” — dedi Stefano Lo Russo.

Delegatsiya iqtisodiyot, innovatsiyalar, texnologiyalar, shaharsozlik, madaniyat, turizm va ta’lim kabi sohalarda hamkorlik o‘rnatishga qiziqish bildirdi. Turin vakillari Toshkentning yuqori salohiyatini e’tirof etib, uning jadal rivojlanayotgan markaz sifatidagi ahamiyatini ta’kidladilar.

Tashrif doirasida Toshkent shahar hokimligi, Turin politexnika universiteti, Savdo-sanoat palatasida uchrashuvlar hamda yirik sanoat korxonalariga tashriflar rejalashtirilgan.

Piemont mintaqasining ma’muriy markazi va Italiyaning birinchi poytaxti bo‘lgan Turin shahri iqtisodiy ko‘rsatkichlari bo‘yicha Rim va Milandan keyin uchinchi o‘rinda turadi. Bu mamlakat avtomobilsozlik va mashinasozlik sanoatining asosiy markazi hisoblanadi, bu yerda Fiat, Alfa Romeo va Iveco avtomobillari ishlab chiqariladi. Bundan tashqari, Turin bank sohasi, turizm, IT-sektori, oziq-ovqat sanoati va oliy ta’limni faol rivojlantirmoqda.