![Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi](/netcat_files/generated/17/27/1000x500/2055/cf10b2b8ca679d5ef79776490c2a18f3.jpg?crop=0%3A0%3A0%3A0&hash=240a529b6b2cb45213eeb061393802ed&resize_mode=1&wm_m=0&v=20241107103627)
Shavkat Mirziyoyev Donald Trampni saylovdagi g‘alabasi bilan tabrikladi
O‘zbekiston Prezidenti Donald Trampga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidenti etib saylangani munosabati bilan tabrik yo‘lladi. Mirziyoyev o‘z murojaatida Trampni ishonchli g‘alabasi bilan tabrikladi, uning so‘zlariga ko‘ra, bu Amerika xalqi uning AQSH xalqaro nufuzi va iqtisodiy qudratini mustahkamlash rejalari va niyatlarini qo‘llab-quvvatlashini ko‘rsatdi.
Mirziyoyev Qo‘shma Shtatlarga O‘zbekistonning mustaqilligi va hududiy yaxlitligini qo‘llab-quvvatlagani, shuningdek, islohotlarni amalga oshirishda ko‘rsatgan yordami uchun minnatdorlik bildirdi. U aynan Trampning birinchi prezidentlik davrida, 2018 yilda Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvdan so‘ng, O‘zbekiston va AQSH o‘rtasidagi strategik sheriklikning yangi bosqichi boshlangani, bu siyosiy muloqotning mustahkamlanishiga va iqtisodiy va gumanitar aloqalarning faollashishiga olib kelganini eslatdi.
Prezident, shuningdek, yuqori darajadagi delegatsiyalarning tashriflari tufayli mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik misli ko‘rilmagan darajaga ko‘tarilganini ta’kidladi. Mirziyoyevga ko‘ra, O‘zbekiston AQSH bilan do‘stona munosabatlarni mustahkamlash va erishilgan barcha kelishuvlarni amalga oshirishni davom ettirish niyatida. U savdo, moliya, energetika, transport, qishloq xo‘jaligi va ta’lim kabi qator yo‘nalishlarda hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdorligini bildirdi, shuningdek, Afg‘onistonda tinchlik va taraqqiyotga ko‘maklashish muhimligini ta’kidladi.
Mirziyoyev Trampni O‘zbekistonga rasmiy tashrif bilan kelishga taklif qilib, bu qadam mamlakatlar o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishga yordam berishiga ishonch bildirdi.