“Mahalla loyihasi” dasturi uchun 1 milliard dollar ajratildi
Prezident Shavkat Mirziyoyevga banklar ishtirokida mahallalarda aholi bandligini ta’minlash va daromadlarini oshirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida axborot berildi.
Hududlarni rivojlantirish va aholini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan “Mahalla loyihasi” dasturi doirasida 2025-yilga kelib 5,2 million kishini, shundan 3 milliondan ortig‘ini banklar ko‘magida ish bilan ta’minlash rejalashtirilmoqda. Bu maqsadlar uchun 1 milliard dollarlik kredit mablag‘lari taqsimlangan.
208 ta tuman va shaharda hokimlar va bank rahbarlari har bir mahalla uchun aniq maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilab, hamkorlik bitimlarini imzolashdi. Banklar har oyda loyihalar ishlab chiqishi, kreditlar berishi va ish o‘rinlari yaratishi shart.
Mahallalardagi ishlarni kuchaytirish maqsadida 2025-yil 1-fevralga qadar banklarning tuman filiallarida maxsus bo‘limlar tashkil etiladi, har bir mahallada esa “mahalla bankirlari” va yordamchi agentlar faoliyat ko‘rsatadi. Ular aholi bilan hamkorlik qiladi, tayyor biznes loyihalarni taklif etadi va ularni amalga oshirish ko‘nikmalarini o‘rgatadi.
Vazifalar ijrosini nazorat qilish uchun online-mahalla.uz, bank-kredit.uz va soliq.uz axborot tizimlari integratsiya qilinmoqda. Mas’ullarning ish samaradorligi har kuni tahlil qilinib, samarasiz rahbarlarga nisbatan choralar ko‘riladi.