
Rossiya terma jamoasining sobiq murabbiyiga qozoq tilidagi savol yoqmadi
Qozog‘iston terma jamoasi bosh murabbiyi Stanislav Cherchesov qozoq tilida savol bergan jurnalistning so‘zini bo‘lgani sababli yana janjalga sabab bo‘ldi, deb xabar qilmoqda “Chempionat”. Hodisa Millatlar ligasi doirasidagi Sloveniyaga qarshi o‘yinda Cherchesov jamoasi 0:1 hisobida mag‘lub bo‘lganidan so‘ng yuz berdi.
Jurnalistlardan biri matbuot anjumaniga Fransiyaning “PSJ” klubi futbolkasini kiyib kelib, qozoq tilida savol berdi, ammo Rossiya terma jamoasining sobiq murabbiyi uning gapini bo‘ldi.
“Sen hozir fransuzcha gapiryapsanmi?” — deya so‘radi Cherchesov jurnalistdan.
Qozog‘iston futbol federatsiyasi voqeani hazil deb baholadi. Ular Cherchesovning mamlakatning qozoq tili va madaniyatiga katta hurmat bilan munosabatda ekanligini ta’kidlashdi. Biroq Qozog‘iston Turizm va sport vazirligi mamlakat futbol federatsiyasidan tushuntirish talab qildi.