
Taekvondo bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida 14 ta medalni qo‘lga kiritdi
Xitoyning Usi shahrida taekvondo WT bo‘yicha klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionati yakunlandi. O‘zbekiston terma jamoasi musobaqada muvaffaqiyatli ishtirok etib, yuqori natija ko‘rsatdi.
Turnirning so‘nggi kunida o‘zbekistonlik taekvondochilar jamoa hisobiga beshta medal qo‘shishdi: ikkita oltin, ikkita kumush va bitta bronza. -54 kg vazn toifasida Jahongir Xudoyberdiyev va -67 kg vazn toifasida Ozoda Sobirjonova oltin medalni qo‘lga kiritdi. Omonjon Otajonov (58 kg gacha) va Svetlana Osipova (73 kg dan yuqori) kumush medalga sazovor bo‘ldi. Jamoaga Sevinch Hayitova (-62 kg) bronza medalini keltirdi.
Shu tariqa, O‘zbekiston terma jamoasining taekvondo WT bo‘yicha klublar o‘rtasidagi Osiyo chempionatidagi yakuniy natijasi 14 ta medalni tashkil etdi: 4 ta oltin, 5 ta kumush va 5 ta bronza.