
Avazjon Karimov o‘t ustida xokkey federatsiyasi raisi etib saylandi
O‘t ustida xokkey federatsiyasining navbatdan tashqari hisobot-saylov anjumanida Avazjon Karimov tashkilotning yangi raisi etib saylandi. Delegatlar bir ovozdan uning nomzodini qo‘llab-quvvatladilar.
Lavozimni qabul qilgan Karimov O‘zbekistonda o‘t ustida xokkeyni rivojlantirish va o‘ziga bildirilgan ishonchni oqlash uchun bor kuchini safarbar etishga va’da berdi. U o‘z nutqida mamlakatimizda ushbu sport turini yanada ommalashtirish muhimligini ta’kidladi.
Anjuman doirasida Federatsiya bosh kotibi San’atilla G‘ulomnazarov 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejalari haqida ma’lumot berdi. Asosiy vazifalar qatoriga O‘zbekistonda o‘t ustida xokkeyning ommabopligini oshirish, kuchli xalqaro jamoalar bilan do‘stona uchrashuvlar uyushtirish va xorijlik murabbiylarni jalb etish kiritildi. Shuningdek, Olimpiya shaharchasida o‘t ustida xokkey uchun ikkita yangi maydoncha qurilishi davom etmoqda.