
O‘zbekiston terma jamoasi MMA bo‘yicha jahon chempionatida birinchi o‘rinni egalladi
Toshkentda bo‘lib o‘tgan aralash jang san’atlari bo‘yicha jahon chempionatida kattalar o‘rtasidagi musobaqalar yakuniga yetdi. O‘zbekiston terma jamoasi umumjamoa hisobida uchta oltin, bitta kumush va sakkizta bronza medalini qo‘lga kiritib, birinchi o‘rinni egalladi.
61,2 kg gacha vazn toifasida Jamshid Tillayev, 65,8 kg gacha vazn toifasida Zafar Rashidov va 97 kg gacha vazn toifasida Asrorbek Anvarjonov oltin medal sohibi bo‘lishdi. 52,2 kg vazn toifasida bellashgan Qarshi Usmonov jahon chempionatida kumush medalga sazovor bo‘ldi. Bronza medallarini esa Firdavs Hayitmatov (56,7 kg gacha), Shamshod Shukurov (93 kg gacha), Islombek Qodirov (97 kg gacha), Humoiddin Muxtorov (97 kg dan yuqori), Natalya Qodirova (46,7 kg gacha), O‘g‘iloy Jumanova (70,3 kg gacha), Gulsara Qozoqboyeva (74,8 kg gacha) va Mashhura Yo‘ldosheva (79,4 kg gacha) qo‘lga kiritishdi.