Toshkentda IMMAF Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi
11 ноябрь

Toshkentda IMMAF Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi

Poytaxtimizdagi “Renessans” kino uyida Xalqaro aralash jang san’atlari federatsiyasining (IMMAF) Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Tadbirda Kerrit Braun boshchiligidagi IMMAF rahbarlari, O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Sherzod Toshmatov va O‘zbekiston MMA assotsiatsiyasi vakillari ishtirok etdi.

Federatsiya kuzatuv kengashi bilan o‘tkazilgan uchrashuvda yil davomida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilindi, erishilgan yutuqlar qayd etildi hamda takomillashtirish zarur bo‘lgan jihatlar ko‘rsatib o‘tildi.

Ishtirokchilar kelgusi yilga mo‘ljallangan rejalar yuzasidan fikr almashdilar. Boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilish, shuningdek, bo‘lajak musobaqalar tashkilotchilarini aniqlash masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, kuzatuv kengashi va sanoq komissiyasi tarkibini shakllantirish, federatsiyaga a’zo bo‘lishni istagan davlatlarning arizalarini ko‘rib chiqish masalalari ham kun tartibida bo‘ldi.

Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun