Jo‘rayev va Amriddinov og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekistonga oltin va kumush medalni keltirdi
15 май

Jo‘rayev va Amriddinov og‘ir atletika bo‘yicha O‘zbekistonga oltin va kumush medalni keltirdi

O‘zbekiston vakili Akbar Jo‘rayev Xitoyda o‘tayotgan og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionatida uchta oltin medalni qo‘lga kiritdi. Sportchi 109 kg vazn toifasida birinchi o‘rinni egalladi.

Jo‘rayev dast ko‘tarishda eng yaxshi natijani qayd etib, 183 kg toshni ko‘tardi. Siltab ko‘tarishda uning natijasi 223 kg bo‘ldi. Ikki kurash natijasiga ko‘ra, o‘zbekistonlik og‘ir atletikachi 406 kg vazn to‘plab, uchala yo‘nalishda ham g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Ushbu vazn toifasida yana bir vakilimiz Sharofiddin Amriddinov kumush medalni qo‘lga kiritdi. U dast ko‘tarishda 181 kg, siltab ko‘tarishda 214 kg natija qayd etdi. Amriddinovning ikki kurash bo‘yicha umumiy ko‘rsatkichi 395 kgni tashkil etdi.

Xitoyning Szinszyan shahrida og‘ir atletika bo‘yicha Osiyo chempionati davom etmoqda.

Og‘ir atletika bo‘yicha kattalar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida Tursunoy Jabborova dast ko‘tarish mashqida bronza medalini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.