O‘zbekistonda kikboksing bo‘yicha jahon kubogining ochilish marosimi o‘tkazildi
26 сентябрь

O‘zbekistonda kikboksing bo‘yicha jahon kubogining ochilish marosimi o‘tkazildi

Toshkentda kikboksing bo‘yicha jahon kubogi o‘tkazilmoqda. “Universal” sport majmuasida nufuzli musobaqaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tantanali tadbirda Jahon kikboksing uyushmasi raisi Roy Beyker, Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi tomonidan e’tirof etilgan Xalqaro sport federatsiyalari uyushmasi (ARISF) rahbari Rafael Kyulli, O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikramov, O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi bosh kotibi Oybek Qosimov va O‘zbekiston kikboksing uyushmasi raisi Asadjon Xo‘jayev ishtirok etdilar.

Rasmiy shaxslar o‘z nutqlarida O‘zbekistonda sportni rivojlantirishga qaratilayotgan e’tiborni ta’kidlab o‘tdilar. Bunday nufuzli xalqaro musobaqalarning o‘tkazilishi buning yaqqol misolidir. Shuningdek, o‘zbekistonlik sportchilarning Parij-2024 Olimpiadasidagi muvaffaqiyatlari mamlakatimizda sportga berilayotgan e’tiborning yorqin ifodasi ekanligi alohida qayd etildi.

Tantanali marosimdan so‘ng musobaqalar boshlandi. 29-sentyabrgacha davom etadigan kikboksing bo‘yicha jahon kubogida 53 mamlakatdan 1200 nafar sportchi ishtirok etmoqda.

Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun