O‘zbekistonlik velosportchilar Osiyo chempionatida oltin medal qozondi
24 февраль

O‘zbekistonlik velosportchilar Osiyo chempionatida oltin medal qozondi

Malayziyada yoshlar va kattalar o‘rtasida velotrek bo‘yicha Osiyo chempionati boshlandi va birinchi kunning o‘zidayoq O‘zbekiston terma jamoasi ajoyib natijalarga erishdi. Sportchilarimiz ikkita oltin va bitta bronza medalini qo‘lga kiritib, yuqori tayyorgarlik darajasini namoyish etdi.

Erkaklar o‘rtasidagi skretch poygasida Dmitriy Bocharov ishonchli g‘alabani qo‘lga kiritdi. Qizg‘in kechgan bahsda u amaldagi jahon chempioni yaponiyalik Kazushige Kubokini ortda qoldirib, g‘oliblik shohsupasining eng yuqori pog‘onasiga ko‘tarildi. Terma jamoamiz hisobiga yana bir oltin medalni Samira Ismoilova keltirdi, u omnium musobaqasida g‘olib bo‘ldi. Bundan tashqari, u ochkolar poygasida bronza medalini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Osiyo chempionati 27-fevralgacha davom etadi va o‘zbekistonlik sportchilar oldida o‘z mahoratlarini namoyish etish hamda mamlakatimiz medallar hisobini yanada ko‘paytirish uchun ko‘plab imkoniyatlar mavjud.