O‘zbekiston futbol terma jamoasi Toshkentda Qirg‘iziston bilan o‘ynaydi: muxlislar tartibga chaqirildi
20 март

O‘zbekiston futbol terma jamoasi Toshkentda Qirg‘iziston bilan o‘ynaydi: muxlislar tartibga chaqirildi

Bugun, 20-mart kuni, O‘zbekiston milliy futbol terma jamoasi 2026-yilgi Jahon chempionatiga saralashning uchinchi bosqichi doirasida Qirg‘iziston terma jamoasiga qarshi o‘yin o‘tkazadi. Uchrashuv Toshkentdagi “Bunyodkor” stadionida soat 21:00 da boshlanadi.

Olti o‘yin yakuniga ko‘ra, O‘zbekiston 13 ochko bilan o‘z guruhida ikkinchi, Qirg‘iziston esa beshinchi o‘rinda turibdi.

O‘yin arafasida O‘zbekiston Futbol Assotsiatsiyasi va Toshkent shahar IIBBsi muxlislarga murojaat qilib, stadionda jamoat tartibi va xulq-atvor qoidalariga qat’iy rioya qilishga chaqirdi. Tomoshabinlarning o‘yin maydoniga chiqishi mutlaqo taqiqlangani alohida ta’kidlandi. Ushbu qoidani buzganlarga nisbatan ma’muriy va moddiy javobgarlik belgilangan. O‘FA ilgari ham bunday holatlar uchun qoidabuzarlarga nisbatan qat’iy jazo choralari qo‘llanilganini eslatib o‘tdi.