
O‘zbekistonda Los-Anjeles-2028 Olimpiadasiga tayyorgarlik muhokama qilindi
Bugun O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligida 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Tadbirda Sport vaziri Adham Ikramov, MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov, Qo‘mita raisining o‘rinbosari Sherzod Toshmatov va boshqa mutaxassislar ishtirok etdilar.
Yig‘ilish davomida Ikramov tayyorgarlikning hozirgi holati bilan tanishdi va yangi Olimpiya siklida litsenziya olishga nomzod bo‘lgan sportchilar haqida ma’lumot oldi. Toshmatov terma jamoalarning salohiyati to‘g‘risida axborot berdi, Qosimov esa hududlarda o‘tkazilgan tadqiqotlar natijalarini taqdim etdi.
Uchrashuvda Olimpiyadaga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy vazifalar belgilab olindi. Bular qatoriga iqtidorli sportchilarni saralash, moddiy-texnik bazani takomillashtirish hamda O‘zbekistonda va chet ellarda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish kiritildi. Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasini 2028-yilgi yozgi Olimpiya o‘yinlariga tayyorlash bo‘yicha Prezident qarori loyihasini ishlab chiqish masalasi ko‘rib chiqildi.