
Olimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalar yiliga ikki marta o‘tkaziladi
O‘zbekiston hududlarida yiliga ikki marotaba “Yangi O‘zbekistonning Olimpiya cho‘qqilari” nomi ostida Olimpiya sport turlari bo‘yicha musobaqalar tashkil etiladi. Mazkur loyiha ommaviy sportni rivojlantirish va iqtidorli sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.
Eng sara sportchilar dastlab tuman va viloyat miqyosida kuch sinashadi, ularning yutuqlari hokimlar tomonidan munosib taqdirlanadi. G‘oliblar har yili 10-20 dekabr kunlari Olimpiya shaharchasida o‘tkaziladigan Prezident olimpiadasida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Yuqori natijalar ko‘rsatgan sportchilarni qimmatbaho sovg‘alar, jumladan, uy-joy va avtomobillar kutmoqda.
Birinchi va ikkinchi o‘rinlarni egallagan finalchilar Respublika olimpiya va paralimpiya markaziga qabul qilinadi, 1-2 kurs talabalari esa stipendiyalar bilan ta’minlanadi. Loyiha doirasida yoshlarni sog‘lom turmush tarziga jalb etish maqsadida har bir oliy ta’lim muassasasida kamida uchta olimpiya sport turi bo‘yicha sport klublari tashkil etish vazifasi yuklangan.
Sport vazirligi bunday klublarga ilmiy-uslubiy ko‘mak beradi, shuningdek, Chirchiq shahridagi Jismoniy tarbiya universitetining moddiy-texnik bazasidan foydalanish imkoniyatini yaratadi. Bundan tashqari, mamlakatdagi 56 ta sport maktabi olimpiya sport turlariga moslashtirilmoqda va milliy terma jamoalarni tayyorlashda asosiy bazaga aylantirilmoqda.