
Dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik Bekmurodov kumush medalni qo‘lga kiritdi
25-aprel kuni Bangkokda bo‘lib o‘tayotgan dzyudo bo‘yicha Osiyo chempionatining ilk kunida -66 kg vazn toifasida o‘zbekistonlik dzyudochi Zamaxshariy Bekmurodov kumush medalni qo‘lga kiritdi.
Bekmurodov finalda amaldagi jahon va qit’a chempioni yaponiyalik Ryoma Tanaka bilan to‘qnash keldi va qo‘shimcha bo‘limlarda unga imkoniyatni boy berdi.
Bekmurodov o‘tgan yili ushbu vazn toifasida yoshlar o‘rtasida qit’a chempioni bo‘lgandi.
Bangkokda o‘tayotgan Osiyo chempionatida 23 davlatdan kelgan 220 nafar dzyudochi 15 ta medallar jamlanmasi uchun kurash olib bormoqda. Musobaqa 28-aprelga qadar davom etadi.