
FEI prezidenti Toshkentdagi konkur bo‘yicha xalqaro turnirni yuqori baholadi
Abu-Dabida Xalqaro ot sporti federatsiyasining (FEI) Bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi. Unda 2024-yildagi faoliyat yakunlari sarhisob qilindi va 2025-yilga mo‘ljallangan rejalar muhokama etildi. Tadbirda O‘zbekiston yilqichilik va ot sporti federatsiyasi raisi Bahromjon G‘oziyev ishtirok etdi.
FEI prezidenti Ingmar De Vos yilning eng muhim voqealari haqida so‘z yuritarkan, 21-27 oktyabr kunlari Toshkentda o‘tkazilgan FEI Jumping World Challenge Final turnirining yuqori darajada tashkil etilganini alohida ta’kidladi. Assambleya davomida 2025-yilgi musobaqalar taqvimi va federatsiya byudjeti ham ko‘rib chiqildi.
Tadbir doirasida G‘oziyev turli mamlakatlarning milliy federatsiyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazib, hamkorlik masalalarini muhokama qildi. Uchrashuv yakunida u FEI prezidentiga O‘zbekistondagi xalqaro tadbirlarni qo‘llab-quvvatlagani uchun minnatdorchilik ramzi sifatida esdalik sovg‘asini topshirdi.