
Ar-Riyod 2025-yilgi Islom birdamligi o‘yinlarini qabul qiladi
Albaniya poytaxti Tiranada Islom birdamligi sport assotsiatsiyasi (ISSA) sessiyasi o‘tkazilmoqda. Sessiyada O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi nomidan Xalqaro aloqalar departamenti direktori Kamoliddin Ergashev ishtirok etmoqda.
2025-yilda o‘yinlarni Saudiya Arabistoni poytaxti Ar-Riyod shahrida o‘tkazilishi rasman tasdiqlandi. Musobaqalar 7-21-noyabr kunlari bo‘lib o‘tadi. Dasturga 13 ta olimpiya, 4 ta noolimpiya, 3 ta paralimpiya sport turi, shuningdek, bitta milliy sport turi kiritilgan. Bugun, shuningdek, ISSA Ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi va Bosh assambleyasi ham o‘tkaziladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalgi Islom birdamligi o‘yinlari 2022-yilda Turkiyaning Konya shahrida bo‘lib o‘tgan edi. O‘zbekiston umumjamoa hisobida 51 ta oltin, 42 ta kumush va 65 ta bronza medalini qo‘lga kiritib, faqatgina Turkiyadan ortda qolib, ikkinchi o‘rinni egallagan edi.