O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi rahbari Osiyo dzyudo ittifoqi vitse-prezidenti bo‘ldi
27 апрель

O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi rahbari Osiyo dzyudo ittifoqi vitse-prezidenti bo‘ldi

Tailandning Bangkok shahrida dzyudo bo‘yicha o‘tkazilayotgan qit’a chempionati doirasida Osiyo dzyudo ittifoqining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, unda O‘zbekiston dzyudo federatsiyasi raisi Aziz Komilov tashkilotning strategik rivojlanish va marketing masalalari bo‘yicha vitse-prezidenti lavozimiga saylandi.

Osiyo dzyudosida O‘zbekiston vakilining bunday yuqori lavozimga saylanishi mamlakatimizning qit’ada ushbu sport turini rivojlantirishga qo‘shgan hissasi e’tirof etilganidan dalolat beradi.

Shuningdek, 26-aprel kuni erkaklar o‘rtasida -73 kg va -81 kg, ayollar o‘rtasida -57 kg, -63 kg va -70 kg vazn toifalarida bahslar bo‘lib o‘tayotgan Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasining 7 nafar vakili 5 ta vazn toifasida tatamiga chiqdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq ushbu Osiyo chempionati doirasida -66 kg vazn toifasida o‘zbekistonlik Zamaxshariy Bekmurodov kumush medalni qo‘lga kiritgandi. Qit’a birinchiligida 23 davlatdan 220 nafar sportchi ishtirok etmoqda.