
O‘zbekistonlik parataekvondochilar Xitoyda o‘tkazilgan Butunjahon TF prezidenti kubogida muvaffaqiyatli ishtirok etdi
O‘zbekiston parataekvondo terma jamoasi Xitoyning Tayyan shahrida o‘tkazilgan Butunjahon taekvondo federatsiyasi prezidenti kubogida ajoyib natija ko‘rsatdi. O‘zbekistonlik parasportchilar jami 8 ta medal qo‘lga kiritib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi.
Turnirning oltin medallarini barcha raqiblarini ishonch bilan yenggan Asadbek Toshtemirov (+80 kg), Qudrat Muhammadiyev (-80 kg) va Karomat Rustamova (-52 kg) qo‘lga kiritdi. Kumush medallar Zuhriddin Tohirov (-63 kg) va Qizlarxon Isomiddinovaga (-47 kg) nasib etdi. Bronza medallari esa Qudratjon Haydarov (-63 kg), Qudratullo Sunnatov (-70 kg) va Karomat Qosimovaga (+65 kg) nasib etdi.
Shunday qilib, O‘zbekiston terma jamoasi 3 ta oltin, 2 ta kumush va 3 ta bronza medali bilan dunyoning 30 ga yaqin davlatidan kelgan 200 dan ortiq parasportchini ortda qoldirib, umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Ushbu muvaffaqiyat o‘zbekistonlik parataekvondochilarning xalqaro maydonda yuqori darajada tayyorgarlik ko‘rayotganini yaqqol isbotlaydi.