XOQ rahbari lavozimiga yetti nafar nomzod, jumladan, uch nafar eng kuchli da’vogar talabgor bo‘lmoqda
13 март

XOQ rahbari lavozimiga yetti nafar nomzod, jumladan, uch nafar eng kuchli da’vogar talabgor bo‘lmoqda

Xalqaro olimpiya qo‘mitasining yangi prezidenti saylovi 2025-yil 20-mart kuni tashkilotning sessiyasida o‘tkaziladi. Qayta saylanmaslikka qaror qilgan 71 yoshli Tomas Bax o‘rniga yettita nomzod talabgor bo‘lmoqda. Ular orasida uchta eng kuchli da’vogar ajralib turadi: World Athletics rahbari britaniyalik Sebastyan Kou, ispaniyalik Xuan Antonio Samaranch-kichik va suzish bo‘yicha ikki karra Olimpiya chempioni zimbabvelik Kirsti Koventri. Koventri XOQni boshqaradigan birinchi ayol bo‘lishi mumkin.

“Vedomosti” gazetasi ta’kidlashicha, Tomas Baxning 12 yillik boshqaruvi bir qator inqirozli vaziyatlar bilan belgilandi. Bular jumlasiga Rossiya sporti atrofidagi doping mojarosi, pandemiya tufayli 2020 yilgi o‘yinlarning kechiktirilishi, rossiyalik va belaruslik sportchilarning chetlatilishi kiradi.

Nashr eslatishicha, XOQning 130 yildan ortiq tarixi davomida tashkilot rahbari lavozimiga sport rivojiga katta hissa qo‘shgan ko‘plab taniqli shaxslar da’vogarlik qilgan. Ular orasida ayollarni musobaqalarga kiritishda muhim rol o‘ynagan amerikalik Uilyam Sloun, qishki Olimpiya o‘yinlarining paydo bo‘lishiga ko‘maklashgan fransuz Justinen Klari, tog‘ chang‘isi bo‘yicha jahon kubogini yo‘lga qo‘ygan va professional sportchilar huquqlari uchun kurashgan shveytsariyalik Mark Xodler, WADAning birinchi rahbari bo‘lgan kanadalik Dik Paund va ayollarning sportdagi ishtirokini faol targ‘ib qilgan amerikalik Anita Defrans bor.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi 1992-yil 21-yanvarda tashkil etilgan va 1993-yil sentyabr oyida 101-sessiyada XOQ tomonidan rasman tan olingan. O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) raisi etib saylandi.

Bosh vazir Abdulla Aripov tomonidan taklif etilgan Mirziyoyev nomzodini assambleya delegatlari 2028-yilgi Olimpiadaga tayyorgarlik ko‘rish zarurligini inobatga olgan holda bir ovozdan qo‘llab-quvvatladi.

Avvalroq, 2022-yil fevralida Rustam Shoabdurahmonov lavozimni tark etgach, MOQ rahbari o‘rni bo‘sh qolgan va qo‘mita ishini muvofiqlashtirish bilan sport vaziri Adham Ikromov shug‘ullangan edi.