O‘zbekistonda moslashuvchan sportni rivojlantirish boshlanadi
Shavkat Mirziyoyevga nogironligi bo‘lgan shaxslarni sport faoliyatiga jalb qilish va moslashuvchan sportni rivojlantirish dasturi taqdim etildi. Ayni paytda O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun 19 turdagi parasport bilan shug‘ullanish uchun sharoitlar yaratilgan bo‘lib, unda 25 mingga yaqin kishi ishtirok etmoqda.
Nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport bilan shug‘ullanishini kengaytirish maqsadida davlat sport maktablarida moslashuvchan sport seksiyalarini tashkil etish, shuningdek, mahallalardagi sport maydonchalarini nogironligi bo‘lgan shaxslar shug‘ullanishi uchun moslashtirish taklif etildi.
“ERP-sport” elektron tizimi joriy etilib, unda nogironligi bo‘lgan shaxslar va ularning sportga bo‘lgan qiziqishlari hisobga olinadi. Bu har bir insonga mos keladigan sport turlarini uning imkoniyatlarini hisobga olgan holda avtomatik ravishda tanlash imkonini beradi. Reabilitatsiya markazlarida fizioterapiya, mexanoterapiya va jismoniy terapiyani o‘z ichiga olgan zamonaviy reabilitatsiya usullarini qo‘llashni kuchaytirish rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, adaptiv jismoniy tarbiya va sport sohasida mutaxassislar tayyorlashga ham e’tibor qaratiladi. Xalqaro musobaqalarda qatnashuvchi nogironligi bo‘lgan sportchilar va ularning murabbiylarini moddiy rag‘batlantirish tizimini yaratish rejalashtirilgan. Prezidentimiz bu boradagi qonunchilikni takomillashtirish, nogironligi bo‘lgan shaxslarning sport va ijtimoiy hayotda faol ishtirok etishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bo‘yicha topshiriqlar berdi.