Toshkentda konkur bo‘yicha Uzbekistan Global Tour musobaqasining beshinchi bosqichi o‘tkazildi
11 декабрь

Toshkentda konkur bo‘yicha Uzbekistan Global Tour musobaqasining beshinchi bosqichi o‘tkazildi

Poytaxtimizdagi “Universal Horses Stables” ot sporti majmuasida O‘zbekiston Respublikasi Davlat madhiyasi qabul qilingan kuniga bag‘ishlangan “Uzbekistan Global Tour” musobaqasining beshinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi.

To‘siqlar balandligi 140 sm bo‘lgan “A” toifasida “Kuldencer” otida ishtirok etgan Alisher Erkinov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. To‘siqlar balandligi 125 sm bo‘lgan “D” toifasida “Kornet BS” otida Saidamirxon Turg‘unboyev birinchi o‘rinni egalladi. Balandligi 120 dan 125 sm gacha bo‘lgan “B” toifasida Dilshod Shokirov “Kaskat” otida g‘alaba qozondi.

To‘siqlar balandligi 110 sm bo‘lgan katta yoshli chavandozlar ishtirok etgan “E” toifasida Taisiya Lokteva “Alice G” otida g‘olib bo‘ldi. Xuddi shunday balandlikdagi to‘siqlarni zabt etgan yosh chavandozlar uchun “C” toifasida Sevinch Nazarova ham “Alice G” otida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Balandligi 100 sm bo‘lgan to‘siqlarni zabt etishga uringan havaskorlar o‘rtasidagi “F” toifasida Asalxon Saidaxmedova “Rassom” otida birinchi o‘rinni egalladi. Yaqinda sakrashni boshlagan otlar ishtirok etgan “F” toifasida esa Lochin Tohirjonov “Madonna” otida g‘alaba qozondi.

Bogdan Burikin, “Karavan-Info” uchun maxsus