O‘zbekistonlik taekvondochilar Jahon kubogida bronza medalini qo‘lga kiritdi
11 декабрь

O‘zbekistonlik taekvondochilar Jahon kubogida bronza medalini qo‘lga kiritdi

Taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi Xitoyning Usi shahrida o‘tkazilgan Jahon kubogi bosqichidagi ishtirokini yakunladi. Jamoaviy aralash musobaqalarda sportchilarimiz bronza medallariga sazovor bo‘lishdi.

Yarim finalda O‘zbekiston terma jamoasi turnir mezbon jamoasiga mag‘lub bo‘ldi. Biroq, uchinchi o‘rin uchun kechgan bahsda ular taekvondo vatani hisoblangan Koreya Respublikasi jamoasiga qarshi kurashdilar. Keskin o‘tgan bellashuvda O‘zbekiston terma jamoasi 2:0 hisobida g‘alaba qozonib, bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Ta’kidlash joizki, Jahon kubogida mamlakatimiz sharafini Jasurbek Jaysunov (-80 kg), Shuhrat Salayev (+80 kg), Feruza Sodiqova (-67 kg) va Gulsanam Alijonova (+67 kg) himoya qildi. Bu yutuq sportchilarga jahon reytingida muhim ochkolar keltirdi.

Bogdan Burikin, “Karavan-Info” uchun maxsus