Olimpiya shaharchasida yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarini translyatsiya qilish uchun shtab tashkil etiladi
6 ноябрь

Olimpiya shaharchasida yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlarini translyatsiya qilish uchun shtab tashkil etiladi

Toshkentda bo‘lib o‘tadigan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga tayyorgarlik doirasida ushbu musobaqalarni translyatsiya qilish va yoritish masalalarini ko‘rib chiqish uchun uchrashuv tashkil etildi. Tadbirda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi direktori Asadjon Xodjayev, O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisi Abdurashid Jo‘raboyev, uning birinchi o‘rinbosari Nusrat Hikmatullayev va MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov ishtirok etdi.

O‘yinlarga tayyorgarlik Toshkentga tashrif buyurgan Osiyo Olimpiya kengashining maxsus komissiyasi tomonidan diqqat bilan o‘rganildi. Uchrashuvda translatsiya xizmatlarini ko‘rsatishga tayyor bo‘lgan uchta yirik xalqaro kompaniyaning takliflari muhokama qilindi. Bundan tashqari, internet platformalarida kommunikatsiya, marketing va voqealarni yoritish bilan bog‘liq masalalar ko‘tarildi.

Natijada, uchrashuv ishtirokchilari ushbu jarayonlarni jadallashtirish va Olimpiya shaharchasida musobaqalarni translyatsiya qilish bilan shug‘ullanadigan xodimlar uchun maxsus shtab tashkil etishni kelishib oldilar.

Bogdan Burikin, atayin “Karavan-Info” uchun