
O‘zbekistonda amaldorlar deklaratsiyalari to‘g‘risida qonun tayyorlanmoqda
O‘zbekistonda davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini majburiy deklaratsiyalash tizimini joriy etish rejalashtirilmoqda. Shavkat Mirziyoyevning 21-aprel farmonida may oyi oxirigacha korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha uchta qonun loyihasini ishlab chiqish vazifasi belgilangan.
"Davlat xizmatchilarining daromadlari va mol-mulkini deklaratsiya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi deklaratsiyalarni tuzish tartibini va ularda ko‘rsatilgan ma’lumotlarni tekshirish mexanizmini belgilaydi.
Bundan tashqari, xalqaro standartlarga muvofiq jinoiy yo‘l bilan topilgan daromadlarni qonuniylashtirish uchun javobgarlik kuchaytiriladi, shuningdek, qimmatli qog‘ozlar bozoridagi insayderlik ma’lumotlaridan foydalanish va manipulyatsiyalar uchun javobgarlik joriy etiladi.
Vazirlik va hokimlik lavozimlariga nomzodlar o‘z sohasida korrupsiyaning oldini olish rejalarini Oliy Majlis oldida himoya qilishlari shart bo‘ladi.
Iyun oyi oxirigacha korrupsiyaga oid jinoyatlar ro‘yxatini aniqlashtirish, ular uchun javobgarlikni kuchaytirish, shuningdek, korrupsiya haqida xabar beruvchi shaxslarni rag‘batlantirish va himoya qilish choralarini nazarda tutuvchi qonun loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
Yana bir qonun loyihasi yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashish maqsadida mahalla va korxonalar darajasida soliq nazoratini takomillashtirish
ga qaratilgan. Unda biznesning soliqqa oid huquqbuzarliklariga tezkor choralar ko‘rish, ayrim turdagi huquqbuzarliklar uchun dastlabki ogohlantirish berish imkoniyati ko‘zda tutilgan.
Davlat xizmati sohasida davlat xizmatchilarining yagona reyestrini yaratish, malaka va samaradorlikni baholash uchun raqamli texnologiyalardan foydalangan holda bilim va tajribaga asoslangan ishga qabul qilishning shaffof tizimini joriy etish rejalashtirilgan.
Ilgari prezident Mirziyoyev davlat xizmatchilarining noqonuniy boyishi uchun javobgarlik joriy etishni taklif qilgan va amaldorlarning daromadlarini deklaratsiya qilish to‘g‘risidagi qonun loyihasini qisqa muddatda jamoatchilik muhokamasiga qo‘yishni topshirgan edi.
Ta’kidlash joizki, XVJ O‘zbekistonga amaldorlarning daromadlarini deklaratsiya qilish to‘g‘risidagi qonunni qabul qilishni tezlashtirishni ham tavsiya qilgan. Ushbu tashabbuslar korrupsiyaga qarshi kurashni kuchaytirish va davlat organlari faoliyatida shaffoflikni oshirishga qaratilgan.