Bahodir Jalolov Shevadutskiy bilan jangda ilk bor to‘liq masofani bosib o‘tib, prof boksdagi 15-g‘alabasini qo‘lga kiritdi
6 апрель

Bahodir Jalolov Shevadutskiy bilan jangda ilk bor to‘liq masofani bosib o‘tib, prof boksdagi 15-g‘alabasini qo‘lga kiritdi

O‘zbekistonlik ikki karra Olimpiada va jahon chempioni Bahodir Jalolov (15-0, 14 KO) professional ringdagi g‘alabalar seriyasini davom ettirib, ukrainalik bokschi Igor Shevadzutskiy (12-3, 10 KO) ustidan g‘alaba qozondi. Jang 5-aprel kuni Qozog‘iston poytaxti Astanada o‘tkazilgan boks shousida bo‘lib o‘tdi.

10 raundli bellashuvning boshidanoq 30 yoshli Jalolov o‘ng jeb va chap to‘g‘ri zarbalar kombinatsiyasidan samarali foydalanib, tashabbusni qo‘lga oldi. Uchinchi raunddayoq o‘zbekistonlik bokschi 35 yoshli Shevadzutskiyni nokdaunga yubordi.

Ukrainalik bokschi faol harakat qilib, oldinga intilishga urindi, ammo "Katta o‘zbek" masofani ishonchli tarzda nazorat qilib, muvaffaqiyatli qarshi hujumlar uyushtirdi va ringda yaxshi harakatlanishda davom etdi. Shunday bo‘lsa-da, yettinchi raundda Shevadzutskiy bir nechta aniq zarbalar yetkazishga erishdi va bu Jalolovni sezilarli darajada larzaga keltirdi.

Yakunlovchi o‘ninchi raundda jang sur’ati biroz susaydi, bokschilar tez-tez klinchga kirishdi, bu esa tomoshabinlarning noroziligiga sabab bo‘ldi. Tomoshabinlar hushtak chala boshladilar. Shevadzutskiyning matonatiga qaramay, hakamlar bir ovozdan Bahodir Jalolovga 100-89, 97-92 va 97-93 hisobida g‘alaba keltirishdi. Ushbu jang Jalolov uchun alohida ahamiyatga ega bo‘ldi, chunki Igor Shevadzutskiy uning professional faoliyatida butun masofani bosib o‘tib, yakuniy gongni eshitishga muvaffaq bo‘lgan birinchi raqibidir. Bungacha o‘zbekistonlik bokschi barcha 14 g‘alabasini muddatidan oldin qo‘lga kiritgan edi.

Jalolov o‘zining avvalgi jangini 2023-yil noyabrida o‘tkazib, unda Kris Tompsonni nokautga uchratgan edi.

Ta’kidlash joizki, Jalolov va Shevadzutskiy o‘rtasidagi jang katta boks oqshomining bir qismi bo‘lib, uning asosiy voqeasi o‘rta vazn toifasida WBO va IBF kamarlari uchun qozog‘istonlik Jonibek Alimxonuli va fransiyalik Anauel Ngamisseng o‘rtasidagi jang bo‘ldi.