
Toshkent badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogiga tayyorgarlik ko‘rmoqda
25-aprel kuni Toshkentda badiiy gimnastika bo‘yicha Jahon kubogi start oladi, bu turnir joriy yilgi turkumning uchinchi bosqichi bo‘ladi. O‘zbekiston poytaxtiga Avstraliya, Avstriya, Ozarbayjon, Armaniston, Belgiya, Bolgariya, Qozog‘iston, Xitoy, Qirg‘iziston, Germaniya, Fransiya, Italiya, Vengriya, Hindiston, Niderlandiya, Polsha, Meksika, Yaponiya, Filippin, Singapur, Suriya, Sloveniya, Turkiya, AQSH, O‘zbekiston kabi dunyoning 26 davlatidan eng yaxshi gimnastikachilar, shuningdek, neytral AIN maqomida qatnashadigan sportchilar keladi.
Turnir yulduzlari orasida Parij Olimpiadasi chempioni Darya Varfolomeyev (Germaniya) va guruh mashqlarida Xitoy jamoasi bor. Maxsus mehmon jahon va Yevropa chempionatlari sovrindori, 2024-yilgi Olimpiada finalchisi Yekaterina Vedeneyeva (Sloveniya) bo‘ladi.
Osiyo chempioni, Islom birdamligi o‘yinlari g‘olibi, shuningdek, Jahon kubogi g‘olibi Taxmina Ikromova, qit’a chempionati chempioni Anastasiya Saranseva va Parij Olimpiadasi finalchilari Mumtoza Is’hoqzoda, Irodaxon Sodiqova, Evelina Atalyans, Amaliya Mamedova, Adelya Fayzulina va Maftuna Zairovadan iborat terma jamoa guruh mashqlarida O‘zbekiston sharafini himoya qiladi.
Sofiyadagi Jahon kubogining birinchi bosqichida O‘zbekiston delegatsiyasi 4 ta sovrin qo‘lga kiritdi. Bular orasida Taxmina Ikromovaning to'qmoq bilan bajargan mashqlari uchun kumush medali va guruh mashqlarida jamoaviy kumush medal ham bor. Ikkinchi bosqich Bokuda bo‘lib o‘tdi, unda Mishel Nesterova va Lola Jo‘rayeva debyut qilishdi.
Jahon kubogida sportchilar Xalqaro gimnastika federatsiyasining 2025-yildan kuchga kirgan yangilangan Kodeksiga muvofiq dasturlarni namoyish etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, poytaxt hokimligi va O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi bosh homiy "O‘zavtosanoat" AJ ko‘magida turnirning asosiy tashkilotchilari hisoblanadi.