NOKda dopingga qarshi kurash muhokama qilindi
Milliy Olimpiya qo‘mitasida dopingga qarshi kurash mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi. Uchrashuvda erishilgan natijalar, shuningdek, ushbu masalaning axloqiy, huquqiy va tibbiy jihatlari ko‘rib chiqildi.
Tadbirda O‘zbekiston sport vaziri o‘rinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov, Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sodiqov, Respublika sport tibbiyoti markazi direktori Kamol Sirojitdinov hamda xorijiy va mahalliy mutaxassislar ishtirok etdilar.
Anjuman Butunjahon antidoping agentligi (WADA) prezidenti Vitold Bankaning videomurojaati bilan boshlandi. U O‘zbekistonda dopingga qarshi kurash masalalariga davlat darajasida jiddiy e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bu sohada rivojlangan davlatlarning 1-guruhiga kirishi muhim yutuq bo‘lgan.
Mahmudov o‘zbekistonlik sportchilarning xalqaro maydonda yuqori natijalar ko‘rsatayotganini, bunday anjumanlar ularning bilim va tajribasini oshirishga yordam berayotganini ta’kidladi. Sodiqov mamlakatda dopingning joriy muammolari va antidoping choralarining rivojlanishi haqida ma’ruza qildi.
Shundan so‘ng anjuman Janubiy Koreya, Litva, Polsha, Turkiya va Qozog‘iston mutaxassislari, shuningdek, o‘zbekistonlik ekspertlar taqdimotlari bilan davom etdi. Ular dopingga qarshi kurashni huquqiy tartibga solish, milliy antidoping me’yorlarini takomillashtirish va sportda taqiqlangan moddalardan tibbiy ko‘rsatmalar bo‘yicha alohida foydalanish masalalarini muhokama qildilar.