O‘zbekistonda “Men G‘olib Run” harbiy-vatanparvarlik yugurish musobaqasiga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi
4 январь

O‘zbekistonda “Men G‘olib Run” harbiy-vatanparvarlik yugurish musobaqasiga ro‘yxatdan o‘tish boshlandi

3-yanvar kuni Yugur.uz platformasida Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Qurolli Kuchlarining 33 yilligiga bag‘ishlangan “Men G‘olib Run” an’anaviy harbiy-vatanparvarlik yugurish musobaqasiga ro‘yxatdan o‘tish jarayoni boshlandi. Tadbir 12-yanvar kuni Yangi O‘zbekiston bog‘ida bo‘lib o‘tadi, unda mingdan ortiq ishtirokchi, jumladan Qurolli Kuchlar vakillari, kuch tuzilmalari xodimlari, professional sportchilar va yugurish ishqibozlari ishtirok etadi.

Musobaqa O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi tomonidan Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Davlat bojxona qo‘mitasi va Toshkent shahar hokimligi ko‘magida tashkil etilmoqda. Tadbirning bosh hamkori “O‘zbekneftgaz” AJ hisoblanadi.

“Men G‘olib Run” musobaqasi Qurolli Kuchlar va kuch tuzilmalari o‘rtasida shosse yugurish bo‘yicha O‘zbekiston chempionati doirasida o‘tkaziladi. Birinchi bosqich an’anaviy ravishda yanvar oyida, ikkinchisi esa may oyida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab o‘tkaziladi. “Men G‘olib Run” ko‘chma kubogi Qurolli Kuchlar va kuch tuzilmalari o‘quv yurtlari jamoalari o‘rtasida o‘ynaladi.

Yugurish dasturi ikkita masofani qamrab oladi: 3 km va 10 km. Ishtirokchilar 8-yanvarga qadar Yugur.uz platformasida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin. Start paketlarining narxi 3 km masofa uchun 149 ming so‘m va 10 km masofa uchun 199 ming so‘mni tashkil etadi. O‘rinlar soni cheklangan: 3 km uchun 860 ta, 10 km uchun esa 640 ta o‘rin ajratilgan.

Har bir ishtirokchi ko‘krak raqami, My Laps chipi, buff, Long sleeve futbolkasi va to‘g‘nog‘ichlardan iborat start paketini oladi. Paketlar 10-yanvar kuni soat 10:00 dan 18:00 gacha Islom Karimov ko‘chasi, 98-uyda joylashgan Yengil atletika federatsiyasida (“Paxtakor” stadioni yonida) tarqatiladi.

Yengil atletika federatsiyasi raisining o‘rinbosari Andrey Abduvaliyev “Men G‘olib Run” musobaqasi harbiy xizmatchilar va kuch tuzilmalari xodimlari o‘rtasida vatanparvarlik tuyg‘ulari va do‘stona munosabatlarni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi. U ushbu yugurish barcha yugurish ishqibozlari uchun sport mavsumining boshlanishi sifatida muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida qayd etdi.